Raqamli biometriya — bu turli sohalarda keng tarqalib va to‘lovlarni soddalashtirib borayotgan, shuningdek xavfsizlikning yangi darajasini taʼminlayotgan inson biometrik parametrlaridan foydalanadigan shaxsni aniqlash texnologiyasidir. Tenge Bank O‘zbekistondagi banklar orasida birinchilardan bo‘lib MyID yuzni aniqlaydigan biometrik tizimini o‘z xizmatlariga joriy etdi.


reklama

Ulug‘bek Tavalkalov

Tenge Bank ATB boshqaruv raisining o’rinbosari.

MyID texnologiyasi Tenge Bank xizmatlariga qanday tatbiq qilingan?

2020-yil oxirida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaroriga ko‘ra, banklarga identifikatsiyani nafaqat jismoniy usul bilan, balki raqamli biometriya vositalari orqali ham amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu mijozlar bank bo‘limlariga borishlariga hojat yo‘qligini anglatadi. To‘laqonli mijoz sifatida qabul qilinish uchun esa ular MyID yoki shunga o‘xshash boshqa xizmatlardan o‘tishlari kifoya.

Shu munosabat bilan 2022 yil boshida biz “Integratsiya” loyihasini boshladik va uni 2022-yil may oyiga qadar muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Endilikda raqamli biometriya orqali mijozlarni aniqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish hajmi jismoniy identifikatsiya qilish hajmidan to‘rt baravar oshdi.

Tenge Bank mijozlari tomonidan taklif qanday qabul qilindi?

Uch yil davomida jismoniy shaxslarning kredit portfeli 39 dan 90 trln so‘mgacha ko‘tarildi. Bu o‘sish 2022-yilning o‘zida 30% dan ortig‘ini tashkil etdi. Ushbu portfelda kreditlarning alohida segmenti mavjud. Biz ularni mikroqarzlar deb ataymiz, bu 2022-yilda 9 trln so‘mdan 14 trln so‘mgacha deyarli ikki barobarga oshdi.

Agar kredit mahsulotlari — ipoteka, avtokredit va boshqa kreditlash turlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular har qanday holatda ham bankka tashrif buyurishni ko‘zda tutadi, chunki munosabatlar uzoqroq muddatga quriladi.

Ammo mikroqarzlar borasida bunga hojat yo‘q. Va 2022 yilda bunday tez surʼatlardagi o‘sishga raqamli biometriya vositalari orqali erishildi. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, faqat MyID texnologiyasi tufayli o‘sish deyarli ikki baravarga oshdi: 9 trln dan 14 trln so‘mgacha.

MyID xizmati foydalanuvchilarning ishini qanday osonlashtiradi?

Juda soddalashtiradi. Bankka borish, tirbandlikda, navbatda turish, bir nechta hujjatlarni printerdan chiqarishning hojati yo‘q. Bu masalalarning barchasi uyda yoki ofisda o‘tirib, masofadan turib hal qilinishi mumkin.

Bankka tashrif buyurishning imkoni bo‘lmaganda, raqamli biometrik vositalar barcha masalalarni kechayu kunduz hal qilishga imkon beradi.

MyID`ning joriy etilishi mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun sarflangan vaqtga qanday taʼsir qildi? Masofaviy kira olish imkoniyati bank mijozi maʼlumotlarini qayta ishlash vaqtini qay darajada tejashga imkon beradi?

To‘rtinchi chorakda MyID tufayli 190 ming mijoz muvaffaqiyatli indetifikatsiyadan o‘tkazildi. Maʼlumotlarni qo‘lda kiritish bir oyga ko‘proq vaqtni olgan bo‘lardi.

Chunki joylarda identifikatsiyalashga sarflangan o‘rtacha vaqt taxminan 5 daqiqani tashkil qiladi. Shu vaqt ichida biz shaxsni tasdiqlovchi hujjatini qabul qilamiz, mijoz maʼlumotlarini axborot tizimlariga kiritamiz, qo‘shimcha maʼlumot olamiz, u taqdim etgan hujjatni skaner qilamiz.

MyID yechimi bankning moliyaviy resurslarini tejashga qanday yordam berdi?

Aytaylik, agar 10 mln so‘m oylik oladigan 100 kishi shu ish bilan bir oy shug‘ullanganida, unda qo‘shimcha 1 mlrd so‘m xarajat bo‘lardi. Bu ko‘rsatkich taxminiy, qisqa vaqtda to‘g‘ri baho berish qiyin, ammo bu o‘n, yuz millionlab tejalgan so‘mlardir.

Raqamli biometriya vositalari bankimizga bank bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa turdagi operatsiyalarni amalga oshiradigan hamkorlar bilan birlashishga va isteʼmolchimizni ko‘proq qoniqtiradigan umumiy integratsiyalashgan tizim va yechimlarni yaratishga imkon berdi.

MyID qaysi mahsulot va xizmatlarda foydalaniladi?

Tenge Bank‘da MyID mikroqarz olish, so‘mlik Mastercard kartalarini chiqarish va depozit hisoblarini ochishda qo‘llaniladi.

MyID nafaqat banklar, balki ko‘plab kredit tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari va marketpleyslar tomonidan ham qo‘llaniladi. Ularning har biri o‘z mijozini “shaxsan” bilishni xohlaydi. Mijozingiz haqida qanchalik ko‘p bilsangiz, shunchalik tez u bilan to‘g‘ri munosabatlarni o‘rnatasiz hamda kerakli mahsulot va xizmatlarni taqdim eta olasiz. Hozirda biz har bir mijoz haqida ko‘proq bilmoqchimiz.

Shuning uchun savolga batafsil javob berish maqsadida shunday degan bo‘lardim: nafaqat banklar, balki barcha bozor ishtirokchilari ushbu mahsulotdan foydalanishdan mamnun, hali bu tizimga qo‘shilmaganlar esa bozordan ortda qolmoqda.

Nima uchun aynan bu kompaniya tanlandi?

MyID O‘zbekistonda birinchi bo‘lib akkreditatsiyadan o‘tdi, yaʼni u birinchi bo‘lib bunday yechimni taqdim etdi, kiberxavfsizlik tizimining, Markaziy bankning tasdig‘idan o‘tdi. Bozorda ushbu yangi yechimni ko‘rib, biz uni tanladik. Hozir boshqalar ham paydo bo‘ldi, lekin ular keyinroq kirib kelishdi. Ammo hozircha bizga bu yechim maʼqul va biz undan muvaffaqiyatli foydalanib kelyapmiz. Xususan, dekabr oyi davomida biz 60 mingdan ortiq odamni identifikatsiyadan o‘tkazdik.

reklama

Yelena Kim

MyID loyihasi menejeri, UZINFOCOM`ning vakili.

O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab biznesning ko‘plab sohalarida keng qo‘llanilgan eng katta loyihalardan biri.

Yuzni aniqlash texnologiyasi qanday ishlaydi?

MyID — bu yuzning biometrik parametrlari bo‘yicha shaxslarni oson va xavfsiz identifikatsiyalash yo‘li bo‘lib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilmasdan masofadan va xizmat ko‘rsatish joylaridan har xil turdagi xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi. MyID`da biometrik xususiyatlar bo‘yicha odamni aniqlaydigan neyron tarmoq algoritmlari joriy etilgan. Tizim smartfon yoki veb-kameraga olingan fotosurat bilan davlat maʼlumotlar bazasidagi yuz tasvirini solishtiradi.

Aniqlash paytida tizim 512 yuz nuqtasini solishtiradi va mos keladigan natijani chiqaradi. Shuningdek, neyron tarmoq juda muhim funksiyani bajaradi, yaʼni u spufing (soxta) hujumlardan himoya qila oladi. Bu fotosuratni “jonli” foydalanuvchiga tegishli ekanligini tekshirish — liveness detection, yaʼni neyron tarmoq firibgar tomonidan fotosurat yoki video orqali boshqa birovning kirish huquqini olishga urinishlarini fosh etishga o‘rgatilgan.

Qaysi biznes sektori MyID tomonidan taqdim etilgan yechimga eng yuqori talabni ko‘rsatadi?

Bugungi kunda yechimga eng katta qiziqish fintex sohasida mavjuddir. MyID tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va marketpleyslar tomonidan tovarlarni muddatli sotishda faol foydalanilmoqda.

Servis kimlar uchun mo‘ljallangan? Asosiy auditoriyangiz kim?

Avvalo, tizim bank va davlat xizmatlarini raqamlashtirish maqsadida yaratilgan. Ammo biometrik identifikatsiya qo‘llanilish doirasi juda keng.

Yechimni qo‘llash foydalanuvchidan o‘z shaxsini tasdiqlashni talab qiladigan biznes-jarayonlarida samarali hisoblanadi. Masalan, istiqbolli loyihalardan biri mobil aloqa abonentlarini masofadan identifikatsiyalashdir. Qolaversa, unda konsullik va notarial xizmatlar kabi davlat xizmatlarini raqamlashtirish ham mumkin.

Xizmat isteʼmolchiga qanday yordam berishi mumkin?

Birinchi navbatda, bu yuqori sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishdir. Foydalanuvchi istalgan vaqtda, istalgan joyda qulay formatda xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bu, shuningdek, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi. Masalan, bu jismoniy imkoniyatlari cheklangan odamlar va chekka hudud aholisi uchun juda muhimdir.

Biznes uchun texnologiyaning afzalligi nimada?

Xizmatlarni 24/7 rejimida taqdim etish va taqdim etilayotgan xizmatlar hajmini oshirish imkoni hisoblanadi. Shuningdek, MyID`dan foydalanganda inson omili va operatsiyalar paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar istisno etiladi va har qanday firibgarlik harakatlarining xavfi minimallashtiriladi. Xodimlarga tushadigan ish hajmi kamayishi kuzatiladi va xizmat ko‘rsatish punktlarida odamlarning to‘planishini oldi olinadi.

Tizim faqat davlat maʼlumotlar bazalaridan olingan shaxslarning qonuniy shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanadi.

Bundan tashqari, texnik tomondan MyID buyurtmachining har qanday dasturiy yechimiga juda tez joriy etiladi. Buyurtmachi qisqa vaqt ichida o‘z loyihasini boshlashi mumkin. Texnik yordam kechayu-kunduz ko‘rsatilib boriladi.

Bizdagi narx tizimi juda moslashuvchan bo‘lib, kichik kompaniyalar, startaplar, shuningdek, yirik korxonalar uchun tariflar mavjud. Xizmat narxi butunlay rejalashtirilayotgan tranzaksiyalar soniga bog‘liq. Har bir mijozga, hajmiga qarab, xizmatlarning tegishli narxi taklif etiladi.

Maʼlumotlar qanday himoyalangan?

Fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashning zaruriy sharti — bu shaxs roziligini tasdiqlashdir. Barcha maʼlumotlar shifrlangan shaklda yopiq kanallar orqali uzatiladi. Yuqorida aytib o’tganimdek, tizimda liveness detection jarayoni amalga oshirilgan, u foydalanuvchi taqdim etgan fotosurat haqiqiy yoki soxta ekanligini tekshiradi.

Raqobatdagi afzalligi nima?

MyID — bu mahalliy mutaxassislar tomonidan to‘liq yaratilgan yechim bo‘lib, zarur hollarda tizimni tezda o‘zgartirish mumkin. Shuningdek, tizim Kiberxavfsizlik markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatsiyalangan.

MyID loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 2021-yilda Markaziy Osiyodagi eng yaxshi raqamlashtirish loyihasi sifatida eʼtirof etildi.

Ushbu bosqichda tizimning funksionalligi mijozlarning ehtiyojlariga to‘liq moslashtirilgan: mahsulotdan foydalanish qulayligini taʼminlaydigan komponentlar ishlab chiqilgan.

Qaysi kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqdasiz?

Hozirgi kunda tizimga 70 ta tashkilot ulangan, jumladan 23 ta tijorat banki, 13 ta to‘lov tizimi, 10 ta marketpleys va boshqa tashkilotlar. Bundan tashqari, yechim Mobile-ID elektron hukumatni identifikatsiya qilish tizimida qo‘llaniladi. Buning yordamida fuqarolar istalgan mobil qurilmadan ko‘plab xizmatlarni olishlari mumkin.

Kelajakda qanday rejalaringiz bor?

Rejalarimiz juda to‘lqinlantiruvchi. Hozirda bizning asosiy eʼtiborimiz tashqi bozorlarga chiqishga qaratilgan. Qolaversa, mahsulotning jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshirish uchun biz iBeta xalqaro laboratoriyasida sinovdan o‘tishni, NIST testlarida qatnashishni va GDPR sertifikatsiyasidan o‘tishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, banklar va riteylerlar uchun aqlli video-tahlil, yuzni aniqlash orqali to‘lov xizmati va boshqa shu kabi qiziqarli loyihalarni sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Batafsi malumot uchun telefon: (+998) 99−795−51−65.

Sayt: uzinfocom.uz
Telegram: t.me/uzinfocomofficial
Instagram: @uzinfocom_official
Facebook: fb.com/uzinfocom.uz

Reklama huquqlari asosida.