1-martdan “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “zapravka"larda AI-80 rusumli avtobenzin narxi oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Bunga aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddatining yakunlanishi sababligi ta’kidlanmoqda.

Xususan, 1-martdan boshlab birja savdolariga joylashtiriladigan 1 tonna mahalliy AI-80 rusumli avtobenzin boshlang‘ich narxi 6 863 000 so‘mdan, import avtobenzini narxi 8 036 000 so‘mdan shakllanib, birja savdolari yakuni bilan narxlar o‘rtacha 8 150 000 so‘mni (1 litr uchun 6 100 so‘m) tashkil etishi kutilmoqda.

Bunda, narxlar o‘zgarishi hisobiga “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi AYoQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 so‘mdan, import mahsuloti uchun 7 000 so‘mdan shakllanadi.

O‘tgan yili dekabr oyida davlat rahabrining qaroriga asosan 10-dekabrdan 2023-yil 1-martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlar tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzini uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi belgilangandi.

Natijada, 2022 yil 1−12 dekabr kunlari 1 tonna AI-80 rusumli avtobenzin uchun o‘rtacha birja narxi 8 096 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 13-dekabrdan 6 295 ming so‘mni tashkil qilgan yoki 1 801 ming so‘mga arzonlashgan.

AYoQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning narxi o‘rtacha 6 800−7 500 so‘mdan 5 700−6 000 so‘mgacha, yoki o‘rtacha 1 100 so‘mga arzonlashgan.

Aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi va birja savdolarida “spred” joriy etilishi davrida mamlakat iste’molchilariga 386 ming tonna (o‘rtacha kunlik 5 300 tonna), yoki o‘tgan yillarning mos davriga nisbatan 188,6 ming tonnaga ko‘p AI-80 rusumli avtobenzin yetkazib berildi.

Yanvar oxirida “O‘zbekneftgaz” Rossiyadan AI-80 rusumli avtobenzini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. 4-fevraldan Rossiya yoqilg‘isining birinchi partiyasi O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotuvga chiqarilib, kompaniya “Tatneft"dan qo‘shimcha 50 ming tonna avtobenzin xarid qilinishi xabar berildi.

Umuman, qish boshlanishi bilan gaz quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berishdagi uzilishlar fonida benzinga talab keskin oshdi. Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida yoqilg‘i ishlab chiqarish oshdi.

Poytaxtning ayrim hududlarida gaz va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatila boshlangach, 5-dekabridan Toshkentdagi barcha avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtincha yopildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat fonida benzinga bo‘lgan talab oshganligi uchun AYoQSHlarni ogohlantirib, asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda narxlarning sun’iy oshishi yoki navbatlar muhokamaga sabab bo‘ldi. Energetika vazirligi “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi AYoQSHlarda barcha markali avtobenzin yetarlili va ularning narxi oshirilmaganligi haqida rasmiy ma’lumot berdi.

Shu vaqtda Antimonopol qo‘mita “Benzin narxi” botini ishga tushirdi va u orqali AYoQSHlar kesimida benzin narxlari haqida kunlik ma’lumot olish mumkin bo‘ldi.

Fevral oyida esa AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatib borish imkoni yaratildi.