Xitoyning “Yutong Bus” elektroavtobuslar ishlab chiqaruvchisi “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida O‘zbekistonga tijorat avtomobillari uchun eng yirik buyurtmasini yetkazib berdi.

Qayd etilishicha, 2-mart kuni kompaniya O‘zbekistonga jami 800 ta, 300 ta elektrobus va 500 ta gaz bilan ishlaydigan avtobus yetkazib bergan.

“Bu Xitoy kompaniyasining joriy yilda olgan yangi energiya avtobusiga eng katta buyurtma bo‘ldi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

2022-yilda mazkur kompaniyaning 20 ta elektrobuslari olib kelingandi.

Avvalroq Toshkentga yaqin oylarda 300 ta elektrobus olib kelinishi haqida xabar berilgandi.

Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, keyingi oylarda Toshkent shahriga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinishi belgilangandi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish belgilangan.

Avvalroq tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Shuningdek, ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Elektrobuslarni Toshkentga jalb etish

Oʻzbekistonda bir necha yillardan beri shahar uchun elektrobuslar sotib olish masalasi koʻrib chiqilmoqda. 2019-yil kuzida “Belkommunmash” avtobusi Toshkentda sinovdan oʻtkazildi. Natijada, shahar hokimiyati oz sonli elektrobuslari (20 tadan kam) foydasiz degan xulosaga keldi.

2020-yilning bahorida Xitoyning Yutong elektr avtobusining sinovdan foydalanishi boshlandi, u zaryaddan 300 km masofani bosib oʻtishga qodir. 2020-yil noyabr oyida Xitoyning BYD kompaniyasining elektrobus prototipi taqdim etildi va SamAuto 2022-yilgacha elektrotransport ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga vaʼda berdi.

Transport vazirligi sinov natijalariga koʻra 2021−2023-yillarda Toshkent shahri uchun 1 trln soʻmga 300 ta elektrobus va zaryadlash stansiyalarini sotib olishni taklif qilgan, biroq taklif amalga oshirilmagan.

2021-yil sentyabr oyida Prezident “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi"ni taqdim etdi. Uning yoʻnalishlaridan biri “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish edi. Xususan, Toshkent shahrida 320 ta elektrobuslar yoʻlga qoʻyilishi va elektr transportini rivojlantirish boʻyicha maxsus dastur qabul qilinishi koʻzda tutilgan edi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etilishi haqida yozgandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.