Toshkent shahri jamoat transporti parki ekologik toza harakat tarkibi bilan kengaytiriladi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Maxkamov ma’lum qildi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish belgilangan.

Ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida 2022-yilda Toshkent shahriga 20 dona katta sig‘imli elektrobuslar olib kelinib, muntazam yo‘nalishlarga joylashtirildi.

Elektrobuslarning 10 oylik ekspluatatsiyasi natijasida atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi o‘tgan yil ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda 56,8 tonnaga qisqardi.

Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, keyingi oylarda Toshkent shahriga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinadi.

Avvalroq tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Shuningdek, ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, prezident dekabrdan jamoat transporti haydovchilarining oylik maoshi 2 barobarga oshirishga topshiriq bergandi.

Endi “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilariga joriy yilning dekabr oyidan boshlab 5−6 mln so‘m miqdorida oylik maosh berilishi belgilandi.

Prezident 31-yanvarda jamoat transporti sohasini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Davlat rahbari sohada moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Endilikda mablag‘ avtobusning yurgan masofasi va odamlarning bu xizmatdan roziligiga qarab beriladi.

Xizmat sifatiga — avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim bo‘ladi.

Bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10% rentabellik bilan kafolatli to‘lovni oladi.

Shu paytgacha bo‘lgan kunlik tushum “plani"ni belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Bundan tashqari, aholiga qulay yo‘l haqi tariflarini (yillik, choraklik, oylik, kunlik, soatlik) joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.