Avvalroq “Spot” kredit tarixi va skoringi haqida material tayyorlagandi.

Kredit tarixi qayerdan, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olingani va keyinchalik qanday to‘langani haqida ma’lumot beradi.

Ko‘pchilik kredit tarixini qanday aniqlashni bilmasligi yoki bankka borib, navbat kutib ovora bo‘lishi mumkin.

Vaholangki buni aniqlash juda oson. Eng oddiy va tezkor usullardan biri bu Yagona portal orqali aniqlashdir.

Portal orqali aniqlash uchun albatta shaxsiy kabinetga ega bo‘lish kerak. “Spot” Yagona portaldan qanday ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi haqida ham qo‘llanma tayyorlagandi.

Shahxsiy sahifa mavjud bo‘lsa, portalga kirgach qidiruv tizimiga “Kredit tarixini olish” klait so‘zlarini kiritish kerak. Undan so‘ng, ekranda xizmat ochiladi.

“Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosib, keyingi sahifalarda so‘ralgan ma’lumotlarning barchasini kiritish zarur.

Pastda jo‘natish tugmasini bosgandan keyin ariza haqida ma’lumot kelib chiqadi va bu yerda QR kodni skanerlash orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Darvoqe, xizmatdan yiliga bir marotaba bepul foydalanish mumkin. Undan keyingi xizmat ko‘rsatish narxi 15 ming so‘mni tashkil etadi.

To‘lov amalga oshirilgach kredit tarixi haqidagi barcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.