Gulnora Karimova Buyuk Britaniyadagi firmalar orqali $240 mln.lik aktivlar sotib olgan. Bu haqda “BBC” “Freedom for Eurasia” tashkiloti hisobotiga tayanib xabar bermoqda.

Tadqiqotchilarning fikricha, O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi buning uchun Buyuk Britaniya, Gibraltar va Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar tarmog‘idan foydalangan. Ulardan Rustam Madumarov va Karimovaga aloqador boshqa shaxslar foyda ko‘rgan.

Hisobot mualliflaridan biri Oksford universiteti xodimi Tom Mayn Karimova va uning tuzilmalari Buyuk Britaniyada qimmatbaho mulkni osonlik bilan qo‘lga kiritganini ta’kidladi.

Aktivlar muzlatilganidan keyin ham uning tuzilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga nisbatan hech qanday tekshiruvlar yoki sanksiyalar bo‘lmagan.

“Freedom For Eurasia” uning hibsga olinishidan oldin Buyuk Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Dubay va Gonkong kabi mamlakatlarda gumon qilingan mablag‘lar bilan sotib olingan kamida 14 ta ko‘chmas mulkni aniqlash uchun ko‘chmas mulk va yer reyestridagi yozuvlarni ko‘rib chiqdi.

Londonda va uning atrofida 50 mln funt sterlingga sotib olingan, jumladan, Belgraviyadagi uchta kvartira, Bukingem saroyining gʻarbida, Mayfairdagi uy va Surreyda qayiqda sayohat qilish uchun shaxsiy koʻli boʻlgan 18 mln funt sterlinglik saroyga e’tibor qaratdi.

2013-yilda Karimova hibsga olinishidan oldin Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. 2017-yilda Jiddiy firibgarlik idorasi Mayfeyrdagi va Surreydagi uyni hamda Belgraviyadagi uchinchi kvartirani muzlatib qo‘ydi.

Karimova, “Panally Ltd” va “Odenton Management Ltd” bilan bog‘langan ikkita Britaniya kompaniyasining buxgalteriya xizmatlarini Londonning Nyu-Oksford ko‘chasida joylashgan “SH Landes LLP” kompaniyasi taqdim etgan.

2010-yil iyul oyi oxirida “SH Landes” boshqa kompaniyani ryxatdan tkazishga yoki sotib olishga harakat qildi. Maqsad xususiy samolyotni 40 mln.ga (33 mln funt sterlingga) sotib olish edi, Madumarov manfaatdor egasi sifatida krsatilgan. Xabarda aytilishicha, haqiqatdan ham bu xarid ortida Karimova turgan.

“SH Landes”, shuningdek, “Panally Ltd” kompaniyasining 2012-yilgi moliyaviy ma’lumotlarini ham e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, 2013-yil sentabrida ularni Karimovaning yaqin hamkori Gayane Avakyan imzolagan.

O‘tgan yili “BBC” Avakyan Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan “Takilant” kompaniyasining O‘zbekistondagi ko‘p million dollarlik firibgarlik va korruptsiya mojarosi markazida ro‘yxatdan o‘tgan benefisiar egasi ekanligi haqidagi iddaolarni chop etgandi.


Avvalroq “Spot” qaysi davlatlarda Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish ishlari olib borilayotgani haqida yozgandi.

Shveysariyada Gulnora Karimovaga tegishli $350 mlnni musodara qilish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Keyinchalik Gulnora Karimovaning $131 mlnlik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangani xabar berildi.