“Google Cloud” Saudiya Arabistoni Qirolligi bilan birgalikda ayollarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻrgatish boʻyicha keng koʻlamli bepul “Elevate” taʼlim dasturini ishga tushirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dasturning asosiy maqsadi va vazifasi — STEM sohalarida gender tafovutini kamaytirish orqali ayollarning sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasida martaba qurish va davom ettirish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Trening ingliz tilida, gibrid formatda, “Google Cloud” jamoasi ko‘magida o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar STEM, axborot menejmenti yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari talabalari va bitiruvchilari, biznes boshqaruvi va biznes informatika yo‘nalishlari bo‘yicha universitet bitiruvchilari, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi 22 yosh va undan yuqori boʻlgan ayollar va qizlar ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilardan ingliz tilini bilish, kompyuter savodxonligi, kompyuter va internetga kirish imkoni talab qilinadi.

Trening ikki yoʻnalishda olib boriladi:

1. Texnik kompetensiyalar — dastur ishtirokchisining qiziqishlari va tajribasiga qarab yana 3 ta yo‘nalishga bo‘linadi (Google Cloud Arxitekturasi, maʼlumotlar muhandisligi, Machine Learning va Data Processing).

2. Biznes kompetensiyalari — barcha uchun umumiy yoʻnalishdir (raqamli transformatsiyaga kirish, bulutli muhitning korporativ xavfsizligi va boshqalar).

Dasturda ishtirok etish uchun arizalar 2023-yil 31-martgacha havola orqali qabul qilinadi.


Avvalroq “Spot” “Petronas FutureTech” akseleratsiya dasturining uchinchi toʻlqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi. Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni 31-martgacha yuborish kerak.