Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, mazkur loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining Direktorlar kengashi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan $143 mln miqdorida qarz mablag‘lari ajratilgani qayd etilgan.

Bunda mazkur mablag‘lar O‘zbekistonga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan berilgan.

Shundan, loyihaning $138 mlni “Jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish hamda toza energiya uchun investitsiya kiritish” komponentidan iborat.

Qolgan $5 mlni esa “Loyiha doirasida texnik ko‘mak berish, personallar salohiyatini oshirish hamda uning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash” komponentiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, umumiy qiymati $175,6 mln.ni tashkil etib, $32,6 mlni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Loyiha doirasida jalb qilingan qarz mablag‘larini qaytarish manbalari sifatida quyidgailar belgilangan:

  • modernizatsiya qilingan obyektlarda kommunal xizmatlarni to‘lash bo‘yicha xarajatlar uchun mahalliy budjetlardan ajratiladigan mablag‘larning iqtisod qilingan qismi;
  • iqtisod qilingan mablag‘larning yetmagan qismi bo‘yicha davlat budjeti mablag‘lari hisobidan.

Bundan tashqari, loyihani 2028-yilga amalga oshirish belgilangan.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi qurish uchun bank kafolati ko‘rinishida $12 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mazkur mablag‘ evaziga Samarqand va Jizzaxda umumiy quvvati 440 MVt bo‘lgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi.

Turkiya va Xitoy kompaniyalari Toshkent va Sirdaryoda umumiy qiymati $46,5 mlnlik elektr uzatish tarmoqlarini quradi.

Loyiha “Jahon banki” tomonidan moliyalashtirilib, 2024-yilda ishga tushadi:

Bank mamlakatda “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Loyiha ishsiz yoshlar va ayollarning raqamli infratuzilma va ko‘nikmalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, “Spot” mazkur bankning O‘zbekistonning janubiy viloyatlari shaharlarini rivojlantirish uchun $100 mln ajratishi haqida yozgandi.