O‘tgan yilning noyabr oyida kibersport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga oid prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, 2023-yildan kibersport turi bo‘yicha har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur qaror asosida tashkil etilgan “Uzbekistan Esports Championship” turniriga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 332 mln so‘mni tashkil etadi.

Maqsad kibersportchilarning bu yo‘nalish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, yo‘nalishni keng ommalashtirish hamda sportchilarni yagona tizimga birlashtirishdan iborat.

Turnir Cybergame.uz platformasida CS:GO, DOTA2, PUBG Mobile, FIFA, eFutbol kabi sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

  • har bir hududda tuman (shahar) onlayn kvalifikatsiyalari;
  • yarimfinal kompyuter klubida oflayn formatda;
  • Toshkentda o‘tkaziladigan oflayn formatdagi final.

Unda 16 yoshga to‘lgan va OneID tizimi orqali Cybergame.uz portalida ro‘yxatdan o‘tgan hamda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan o‘yinchilar ishtirok etishi mumkin.

Turnirga ro‘yxatga olish 3-apreldan 10-aprelgacha davom etadi. Saralashning keyingi bosqichlari haqida batafsil keyinroq ma’lum qilinishi qayd etilgan.

Batafsil ma’lumotni havola orqali olish mumkin.