O‘tgan yilning sentabr oyida hukumat qarori bilan qishloqlardagi chet tillarini o‘rgatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangandi.

Mazkur xizmatdan Yagona portal orqali fondalanish mumkin. Arizalarni har chorakning birinchi oyi 10-sanasiga qadar jo‘natish kerak.

Hozir ham o‘quv markazi ochish uchun subsidiya olishga arizalar qabul qilinmoqda.

Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jihozlashga;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lashga.

Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun havola orqali o‘tish kerak.

Undan 10-aprelga qadar foydalanish mumkin. Keyingi imkoniyat iyul oyida keladi.