2022-yilda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30%dan oshdi.

Bu haqda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishida ta’kidlandi, deya xabar bermoqda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini $500 mln.ga yetkazishga kelishishdi.

Hududlararo munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha birinchi bosqichda Samarqand va Batumi, Buxoro va Mtsxeta o‘rtasida ikki tomonlama sheriklik aloqalarini o‘rnatish taklif etildi.

Bu orqali hududlar qo‘shma loyihalarga jalb etilib, hamkorlik olib boriladi.

Tomonlar farmatsevtika, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar hamda alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha klasterlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Transport-logistika sohasida Boku-Tbilisi-Kars transport yo‘lagi va Gruziyaning Qora dengiz porti infratuzilmasidan foydalanishni kengaytirish fikri bildirildi.

Avvalroq Misrda O‘zbekiston bilan qo‘shma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazi tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.