Avvalroq prezident qarori bilan 2024-yilga qadar 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgandi.

Ular orasida pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok va behi, qatiq, kefir, sut mahsulotlari, makaron mahsulotlari kabilar bor. Batafsil ro‘yxat bilan bu yerda tanishish mumkin.

PMTI ekspertlari hujjatda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amaliyotdagi aksini tadqiq etish maqsadida narxlar o‘zgarish holatini tahlil qildi.

Tahlil uchun boj to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olindi.

Jumladan, 96 turdagi 3120 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha statistika 'data-scraping‘ yo‘li bilan yuklab olingan. Har bir tovar turi bo‘yicha narxlar fevral va mart oyining oxiri uchun solishtirildi.

Natijada, bojxona tariflarining tushirilishi ba’zi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, shokolad mahsulotlari o‘rtacha 463 so‘mga, sabzavot va meva konservalari — 802 so‘mga, go‘sht konservalari — 1164 so‘mga, mol go‘shti — 375 so‘mga, vafli shirinliklari — 415 so‘mga, brinza — 275 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, bojxona bojlari tushirilgan boshqa turdagi mahsulot narxlarida hozircha o‘zgarish bo‘lmagani aniqlandi.

Jumladan, soqol olish vositalari, yormalar, yogurt, qaymoq, tvorog kabi sut mahsulotlari narxi o‘zgarmagan.

Soch yuvish vositalari, choy va kofe, sabzavot, murabbo va souslar narxi esa bir oz oshgan.

Bunday holat import inflyatsiyasining bojdan tashqari omillari ta’siri kuchli ekanligi yoki bu mahsulotlar orasida ko‘plariga talab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondirilayotgani bilan izohlanishi mumkin.

Tegishli ravishda, narxlar stabilligini ta’minlashga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar raqobat muhitini rivojlantirishga yo‘naltirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi tahlilda.

Avvalroq, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov bu aholi farovonligiga va ichki bozordagi narxlarga qanday ta’sir qilishini baholadi.

Tadbirkor Zafar Hoshimov ham mazkur qarorning qabul qilinishi aholi uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlagandi.