Markaziy bank aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga doir infografikani taqdim etdi.

Bundan avval regulyator oxirgi marta dekabr oyi uchun kutilmalarni e’lon qilgandi.

Yangi taqdim etilgan infografikada yanvar oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari dinamikasida o‘sish kuzatish mumkin.

Xususan, yilning birinchi oyida aholi kutilmalari 18,9%, tadbirkorlarniki esa 18,7%ni tashkil etgan.

Fevral oyiga kelib ko‘rsatkich keskin pasaygan. Ya’ni aholi kutilmalari 14,4%ni, biznes vakillariniki esa 14,1%ni tashkil etgan.

Mart oyida esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 11,5% hamda 11,4% ni quragan.

Hududlar kesimida aholi kutilmalarining eng baland ko‘rsatkichi Buxoro hamda Namanganda kuzatilgan, har ikkita viloyatda ham ko‘rsatkich 15,8%ga to‘g‘ri keladi.

Poytaxtda bu ko‘rsatkich 15,4%ni tashkil etsa, eng past ko‘rsatkich 12%lik kutilmalar bilan Qoraqalpog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Umuman, aholi va tadbirkorlar mart oyiga kelib valyuta kursining o‘zgarishi, ish haqi va nafaqalarning oshishi hamda yoqilg‘i va energiya narxining qimmatlashishi inflyatsiya oshishiga ta’sir qiluvchi asosiy omil sifatida qayd etgan.

Mart oyida iste’mol narxlari indeksi 1%ga oshdi. Birinchi chorakda rasmiy inflyatsiya 2,4%ni, yillik inflyatsiya esa 11,7%ni tashkil etdi. Biroq, u avvalgi ikki yildagidan yuqoriligicha qolmoqda.

Bu davrda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning o‘sishi bo‘yicha yana yetakchi bo‘ldi — 1,6%.