“Yandex Go” O‘zbekistonda foydalanuvchilar va haydovchilar uchun safar vaqtida hayot va sog‘liqni sug‘urtalash dasturini joriy etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sug‘urta tovonining miqdori 101,8 mln so‘mgacha etib belgilangan hamda bu summaga haydovchi va avtomashinadagi har bir yo‘lovchi safar davomida sug‘urta qilinadi.

“Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu tashabbusni taklif qildik. Qonun doirasida bunga majburiyatimiz yo‘q, lekin biz foydalanuvchilar va haydovchilar o‘zlarini himoyalangan his qilishlarini istaymiz”, — dedi “Yandex Go"ning O‘zbekistondagi matbuot xizmati.

Dasturni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha xarajatlar xizmat tomonidan qoplanadi.

Sug‘urta avtomatik ravishda “Yandex Go” ilovasi orqali buyurtma qilingan barcha safarlar uchun qo‘llaniladi.

Yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda, yo‘lovchilar va haydovchilar ilova orqali “Yandex Go” qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishlari kerak.

Ular safarni sug‘urtalagan kompaniya telefon raqamlari va nima qilish kerakligi haqida batafsil ko‘rsatmalar olishadi.

Safar sug‘urtasi xizmat yo‘lga quyilgan Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlarida amal qiladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida “Yandex Go” kompaniyasi haydash manyovrini nazorat qilish tizimini ishga tushirgandi.

U orqali keskin haydash va to‘xtash, chiziqni o‘zgartirish va boshqa agressiv harakatlarni aniqlash mumkin.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, bunday haydovchilar ulushi ikki baravarga kamaytirilgan.

Avvalroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Yandex Go Uzbekistan” faoliyati yuzasidan tarqalgan xabarga rasmiy munosabat bildirgandi.