Hukumat qarori bilan, 15-apreldan milliy haydovchilik guvohnomasini Yagona portal orqali onlayn olish imkoniyati yaratiladi.

Xususan, milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari joylashtiriladi.

Agar axborot tizimlarida arizachilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari mavjud bo‘lmasa, o‘zlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etishi mumkin bo‘ladi.

Yangi haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun arizalarni portaldagi shaxsiy kabinet orqali amalga oshirish mumkin.

Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida qabul qilinadi.

Shuningdek, yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.

Yil yakunigacha barcha mavjud haydovchilik guvohnomalari JSHSHIRga bog‘langan holda raqamlashtiriladi.

Joriy yilning yanvar oyidan eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish imkoniyati yaratilgandi.