17-apreldan “Ochiq budjet” axborot portalida “Mening yo‘lim” loyihasining joriy yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilgi loyiha uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Tizimning “Tashabbusli budjet” jarayonlaridan farqli jihati loyiha bir yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Loyiha “Ochiq budjet” axborot portali orqali amalga oshirilib, unga ichki yo‘llarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlari batafsil kiritiladi.

Shuningdek, ichki yo‘llar reyestridan geoma’lumotlar asosida tegishli yo‘lni tanlash orqali takliflarni qoldirish mumkin.

Taklif qoldirish mexanizimi

Tuman (shahar) budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50%i"Ochiq budjet" axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun yo‘naltiriladi.

Axborot portali avtomatik ravishda ta’mirlashga doir o‘rtacha narxni va tuman (shahar) budjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar) bo‘yicha ta’mirlanadigan ichki yo‘llarning umumiy hajmini aniqlaydi.

Jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni shakllantirish tartibi quyidagicha:

  • portal orqali jamoatchilik fikri bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi;
  • takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida faqat voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin;
  • fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin hamda o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi;
  • ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan Ichki yo‘llar reyestridagi tegishli ichki yo‘llardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi;
  • portal orqali taklif kiritish bevosita portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshiriladi;
  • har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

Loyiha doirasida takliflarni 27-aprelgacha havola orqali kiritish mumkin.

Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jaroyonlari 28-apreldan 7-maygacha o‘tkaziladi.


Avvalroq “Tashabbusli budjet"ning g‘olib loyihalari e’lon qilingandi. Unda 33 mingdan ortiq tashabbusdan 1 666 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni moliyalashtirish uchun 1 trln 571 mlrd 963 mln so‘m ajratiladi.

Shuningdek, loyihaning 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar moliyalashtiriladi. Xususan, ana shunday 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.