“Google Cloud"/"Machine Learning"dan bepul dasturga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Afg‘onistondagi “Google Developers” hamjamiyati a’zolari ishtirok etishi mumkin.

Dastur data-muhandislar va data-scientist, axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar, backend dasturchi kabilar uchun mo‘ljallangan.

Kurs ishtirokchilari g‘arb kompaniyalaridagi mutaxassislar vazifalarini ifodalovchi laboratoriya ishlari va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradi.

Ishtirokchilarga har bir o‘quv kvestidan (yoki laboratoriya ishidan) so‘ng, ko‘nikmalarni tasdiqlovchi nishon beriladi.

Sertifikat olish uchun 5 ta nishonni jamlash kerak bo‘ladi.

Eng ko‘p nishonlarini qo‘lga kiritgan 20 ta eng yaxshi ishtirokchi “IT Park”, Qirg‘iziston dasturiy ta’minot va xizmatlarni ishlab chiquvchilar uyushmasi, “Astana Hub”, “MOST Hub Almaty”, “Digital Business” kabi hamkor kompaniyalarda kafolatlangan amaliyotga jalb qilinadi.

Eng yaxshi ishtirokchilar ro‘yxati har ikki haftada dastur veb-saytida yangilanadi.

Shuningdek, iyul va noyabr oylarida Markaziy Osiyodagi eng ko‘p nishonlar to‘plangan shaharda taqdirlash marosimlari o‘tkaziladi.

Unda ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Google Developers” dasturi O‘zbekistondagi talaba dasturchilar klublari uchun yetakchilardan arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.