Joriy yilning mart oyida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 14% darajasida belgiladi.

Unda navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 27-aprelida o‘tkazilishi belgilangandi.

Biroq, regulyatorning ma’lum qilishicha, mazkur sanaga belgilangan boshqaruv yig‘ilishi sanasi joriy yilning 4-may kuniga ko‘chirildi.

Ta’kidlanishicha, bunga makroiqtisodiy vaziyat va kutilmalarni inobatga olib prognozlarni yangilash, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni keng tahlil qilish hamda zaruriy xulosalar shakllantirish qo‘shimcha vaqt talab etayotganligi sabab bo‘lgan.


Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, asosiy stavkaning 1% bandga tushirilishi natijasida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va kredit hajmi o‘sadi.

Asosiy stavkaning 1% bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YaIM 0,55%ga ko‘payadi.

Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, asosiy stavkaning pasayishi erkin bozor va tijorat segmentiga deyarli ta’sir o‘tkazmaydi.

Lekin, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar va ta’lim kreditlari kabilar bo‘yicha shartnomaviy stavkalar pasayadi.