Mart oyida prezident qarori bilan to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi to‘lov shaklidan qat’i nazar to‘lovchidan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undirilishi belgilangandi.

Undan keyin Markaziy bank budjet va korporativ mijozlarga to‘lovlar bo‘yicha komissiya miqdorini cheklovchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachilar bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lanadigan vositachilik haqi (yig‘imlar)ning chegaraviy miqdorini belgilash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, aholidan prezident qarorida ko‘rsatilgan to‘lovlarni amalga oshirishda har bir tranzaksiya bo‘yicha to‘lov xizmatlari uchun vositachilik haqining chegaraviy miqdori BHMning 20%i (66 ming so‘m) etib belgilandi.

Mazkur tartib quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;
  • “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
  • avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar.

Mazkur qaror 1-maydan kuchga kiradi.