“UniSat” dasturining ikkinchi oqimida ishtirok etayotgan qizlar Navoiy viloyatida ikkita nanosun’iy yo‘ldoshni uchirdi. Bu haqda UNICEF tashkilotining matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Ishtirokchilar mazkur nanosun’iy yo‘ldoshlarni noldan ishlab chiqib, dasturlashgan va yig‘ishgan. Nanosun’iy yo‘ldoshlar yerning yuqori yechimdagi fotosuratlarini olish imkonini beradi.

Har bir kubsatning o‘z ilmiy missiyasi bor. Masalan, kubsatlardan birida biomaterial uchirilgan bo‘lib, u orqali stratosferadagi radiatsiyaning turli tirik organizmlarga (mog‘or zamburug‘i, drojji, chigit, mosh va loviyaga) ta’siri tadqiq qilinadi.

kosmik texnologiyalar, unisat

Ikkinchi nanosun’iy yo‘ldoshdan esa allergenlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan havodagi turli zarralar olindi.

Bundan tashqari, nanosun’iy yo‘ldoshlarga joylashtirilgan datchiklar turli balandlikda havo harorati, bosimi, uning sifati va radiatsiyani o‘lchaydi.

Havo sifati haqida to‘plangan ma’lumotlar 2022-yilning may oyida xuddi shu hududda “UniSat” dasturining birinchi ishtirokchilari tomonidan olingan ma’lumotlar bilan solishtiriladi.

UniSat” STEM-ta'lim dasturi 6 oydan buyon davom etmoqda. Nanosun’iy yo‘ldoshlarni uchirishdan oldin mamlakatning barcha hududlaridan tanlovga ariza topshirgan 14−25 yoshdagi qizlar “UniSat” ta’lim modullari bo‘yicha onlayn o‘qishdi.

kosmik texnologiyalar, unisat

Ta’lim dasturi yo‘ldoshsozlik, dasturlash, radioelektronika, ma’lumotlar tahlili, astronomiya, 3D-modellashtirish va muhandislik ishi bo‘yicha darslarni o‘z ichiga oladi.

Asosiy fanlardan tashqari ta’lim jarayonining ijodiy jihatlari ham bo‘ldi: ishtirokchilar o‘z loyihalarini neyrotarmoqlardan foydalangan holda yaratishdi, roverlar, raketalar va marsoxodlarni loyihalashtirishdi.

Shuningdek, “NASA Science” dasturi bo‘yicha ilmiy astronomik tajribalarni o‘tkazishdi, astronomiya, gidrometeorologiya, kosmik fanlar sohasining olimlari bilan uchrashishdi.