Qonunchilik bilan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

1-maydan tavsiyanoma uchun arizalar qabuli boshlanishi hamda murojaatchi 1-iyungacha ariza jo‘natishi mumkin va bu tizim har yili mana shu sanalarda amalga oshirilishi qayd etilgan.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga ariza bilan murojaat qiladi.

Ariza va hujjatlar 7-iyungacha ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qo‘mitaga taqdim qilinadi.

Hujjatlar Qo‘mita tomonidan 14-iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.

O‘tgan yili tavsiyanoma olgan, lekin OTMga kira olmagan talabgorning tavsiyanomasi joriy yilda ham amal qiladi. Bu bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova tushuntirish berdi.

Nizom bilan tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qilishi belgilangan.

Bundan tashqari, o‘tgan yili tavsiyanoma olib, OTMga kira olmagan, familiyasi o‘zgargan yoki pasporti almashgan xotin-qizlar ham OTMga hujjat topshirganda tavsiyanomadan to‘siqlarsiz foydalanishlari mumkin.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 405-moddasida bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanishi, bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shilishi hamda mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha mehnat staji hisoblanayotganda tavsiyanoma olish istagida bo‘lgan talabgor ayollar bola parvarishi bo‘yicha ta’tilda bo‘lsa, ushbu davr ish stajiga qo‘shiladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga.

Avvalroq tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning O‘zbekiston IT-sohasida xotin-qizlarning roli haqidagi maqolasi e’lon qilingandi.