Tadbirkorlar bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishlari mumkin bo‘ladi

Tijorat banklariga yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yuridik shaxslar elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Tadbirkorlarga kommunal va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga yengilliklar beriladi

Yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga yengilliklar beriladi.

Xususan, bu bo‘yicha shartnomalarni, iste’mol to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik hamda davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.


Ko‘p qavatli uylar tomining kamida 50%ida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy etiladi

Foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50%ida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.

Shu bilan birga, yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.

Mamlakatdagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50%i ularda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.


Yangi qatnovlar uchun aviachipta xarajatlarining 25%iga subsidiya beriladi

1-maydan boshlab vodiy — Urganch, vodiy — Termiz, vodiy — Buxoro, vodiy — Samarqand, Termiz — Nukus, Samarqand — Urganch, Buxoro — Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, aviachipta xarajatlarining 25%iga subsidiya beriladi va buning uchun 60 mlrd so‘m ajratiladi.


To‘lovlarni amalga oshirishda vositachilik haqining chegaraviy miqdori olinadi

Benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to‘lovlar bo‘yicha to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi to‘lov shaklidan qat’i nazar to‘lovchidan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.

Bunda, vositachilik haqi miqdori to‘lov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bo‘ladi.

Mazkur tartib quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;
  • “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
  • avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar.

Aholidan prezident qarorida ko‘rsatilgan to‘lovlarni amalga oshirishda har bir tranzaksiya bo‘yicha to‘lov xizmatlari uchun vositachilik haqining chegaraviy miqdori BHMning 20%i (66 ming so‘m) etib belgilangan.


Dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi referent narxlar bilan solishtiriladi

Aholi tomonidan sotib olingan dorilar uchun dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi.

Dorilarning chakana narxlariga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda, bu haqida maxsus vakolat berilgan davlat organiga avtomatik ravishda xabar yuboriladi.

Xarid cheki bo‘yicha narx dorining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, huquqbuzardan jarima undiriladi.


IT bo‘yicha President Tech Award tanlovi o‘tkaziladi

“President Tech Award” tanlov joriy yil maydan boshlab, har yili quyidagi 5 ta asosiy hamda 1 ta maxsus yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • sun’iy intellekt texnologiyalari;
  • ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar;
  • axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari;
  • tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
  • kompyuter va mobil o‘yin dasturlari.

Tanlovning asosiy yo‘nalishlarida 30 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari bir jamoa tarkibida (3−8 kishi) qatnashadi.

Maxsus yo‘nalishda “IT Park” rezidenti bo‘lgan tashkilotlarda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham jamoaviy (3−5 kishi) ishtirok etishi mumkin.

Tanlov haqida batafsil bu yerdan bilib olish mumkin.


Gaz zapravkalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralari majburiy o‘rnatiladi

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o‘rnatish majburiy qilib belgilanadi.

Shuningdek, ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, paxta, g‘alla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish bo‘yicha axborot tizimlarining operatorlari o‘z tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishi kerak bo‘ladi.


Ma’muriy jarimalar uchun 50%gacha chegirmalar beriladi

Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi soddalashtiriladi.

Xususan, huquqbuzarga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab, 15 kun ichida jarima miqdorining 50%ini, 30 kun ichida 70%ini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131, 132, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda;
  • jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda.

Rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholi ham ipoteka krediti oladi

Rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi.

Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi.

Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi.

Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.


Ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlariga bojxona boji bekor qilinadi

1-maydan qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi.

2025-yilgacha quyidagi qurilish materiallari va xomashyo turlarini import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi:

o'zgarishlar, qonunchilik


Yagona reyestrga kiritilgan fuqarolarga ayrim tovarlar xaridi uchun to‘langan QQS qaytariladi

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolar quyidagi ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo joylarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1%i miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS qaytariladi:

  • qo‘y go‘shti;
  • parranda go‘shti;
  • mol go‘shti;
  • tuxum;
  • o‘simlik yog‘i.

Davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari Davaktiv agentligiga o‘tkaziladi

1-maydan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davaktiv agentligiga o‘tkaziladi.

Biroq Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, davlat ko‘chmas mulk obyekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.


Tashkilotlar aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtiradi

Aholi o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar 1-maydan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Bu o‘z navbatida, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lib, qonunchilik normalari doirasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish xizmati qiymati Soliq qo‘mitasi bo‘linmasining hamda elektron hisobvaraq-faktura operatorlari hisoblangan tadbirkorlarning ko‘rsatayotgan xizmati qiymatidan tashkil topadi.

Xizmatning qiymati operatorlar ko‘rsatadigan servisga qarab farqlanadi va o‘rtacha bitta hisob-faktura uchun 270 so‘mdan 450 so‘mgachani tashkil etadi.


Mehnatga haq to‘lash miqdori 7%ga oshiriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 1-maydan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7%ga oshiriladi.

Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 920 ming so‘mdan 980 000 so‘mga yetkaziladi.

Bazaviy hisoblash miqdori esa 300 ming so‘mdan 330 000 so‘mga oshirilishi belgilangan.


Ish beruvchilarga 25 yoshdan oshmagan xodimlari uchun to‘lagan ijtimoiy soliqlari qoplab beriladi

25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga to‘langan ijtimoiy soliqni qoplab berish amaliyoti 1-maydan 2025-yilgacha uzaytirildi.

Biroq, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ijtimoiy soliqni 1% stavkada to‘lovchilar bundan mustasno.

Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.


Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi

“Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoniga muvofiq quyidagilar belgilanmoqda:

  • oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50%i miqdorida belgilanadi.
  • oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
  • shuningdek, belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi.

Shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotganlarga bepul ovqat beriladi

Shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga:

bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi;

mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.


Rahbar kadrlarni qayta tayyorlashda gender tenglik o‘quv kurslari tashkil etiladi

Qonunchilikka ko‘ra, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi.


Barcha shaharlarda imtiyozli transport kartalarini berish yo‘lga qo‘yiladi

Shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.

Imtiyozli transport kartasini olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona portal orqali murojaat qilinadi.

Quyidagi shaxslarga imtiyozli transport kartasi beriladi:

  • 1941−1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar;
  • 1941−1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • 1941−1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
  • Afg‘onistonda va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
  • haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
  • ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.

Xotin-qizlarga OTMlarda o‘qishga tavsiyanoma berish boshlanadi

Qonunchilik bilan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

1-maydan Tavsiyanoma uchun arizalar qabuli boshlanadi hamda murojaatchi 1-iyungacha ariza jo‘natishi mumkin va bu tizim har yili mana shu sanalarda amalga oshiriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga ariza bilan murojaat qiladi.

Ariza va hujjatlar 7-iyungacha ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qo‘mitaga taqdim qilinadi.

Hujjatlar Qo‘mita tomonidan 14-iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.