1-maydan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi soddalashtiriladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Xususan, huquqbuzarga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab, 15 kun ichida jarima miqdorining 50%ini, 30 kun ichida 70%ini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Shuningdek, 1-sentyabrdan boshlab, sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.

Avvalroq, elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilangandi.