Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy muassasalar va davlat idoralarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilning fevral oyidagi prezident qarori bilan bu boradagi ishlarni oshirish bo‘yicha dastur qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, 2023-yilda ijtimoiy soha va davlat idoralarida 220 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 107 megavatt quyosh panellari o‘rnatilgan. Yirik davlat kompaniyalarida ish yaxshi ketmoqda. Lekin ijtimoiy muassasalarda natijalar hali yetarli emas.

Masalan, oliy o‘quv yurti binolarida 36%, maktablarda 33%, tibbiyot muassasalarida 28% panellar o‘rnatilgan.

Hududlar bo‘yicha olganda, mamlakatda bu ko‘rsatkich qariyb 50%ga yetgan.

Biroq Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish darajasi rejaga nisbatan 26%ni tashkil etmoqda. Davlat rahbari bu borada hali imkoniyatlar ko‘pligini ta’kidlab, ishlarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, prezidentning Xitoyga davlat tashrifi doirasida $4,4 mlrd.lik, jami quvvati 4,8 gigavattga teng 11 ta quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilishda mazkur kelishuvlar ijrosini tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25%dan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;
  • qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;
  • yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.

Avvalroq aprel oyidan buyon"Quyoshli xonadon" dasturi orqali 500 ga yaqin xonadon foydalanib, xonadoniga quyosh panellari o‘rnatgani haqida xabar berilgandi.