“Ma'muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, Yagona portal raqamli xizmatlar va servislar ko‘rsatishning hamda ularning natijasini olishning yagona nuqtasi hisoblanadi.

Portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi.

Joriy yil 1-dekabrgacha fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil foydalanishlari uchun davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta"lari tashkil etiladi.

2024-yilgacha raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shakli joriy etiladi.

Joriy yil 1-sentabrdan ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari “edo.ijro.uz” tizimiga o‘tkaziladi.

Kelasi yilning 1-mayidan esa ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar mazkur tizimga to‘liq o‘tkaziladi.

2023-yil 1-avgustdan davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50%i kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2023-yilda mobil internet foydalanuvchilari sonini oshirish choralari ko‘riladi. Bunda ularning sonini 31,5 mln nafarga yetkazish nazarda tutilgan.

2023-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 570 taga yetkazilishi belgilangan.

Avvalroq ta’lim kreditini portal orqali onlayn ajratish hamda talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashtirish xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.