O‘zbekistonda Singapur tajribasi asosida “Aqlli shahar” qo‘shma loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, bu bo‘yicha vazir Laziz Qudratov hamda Singapur Mehnat resurslari vaziri, savdo va sanoat ikkinchi vaziri Tan Si Leng o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan.

Shu bilan birga, o‘zaro munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari, jumladan, ta’lim sohasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan.

Singapur tomoni o‘zaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

Joriy yilning sentyabr oyida Singapurda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasini o‘tkazish masalasi kelishib olindi.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi salohiyatini ochib berish, qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

Yanvar oyida ikki mamlakat davlat rahbarlarining uchrashuvida infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari qatorida shaharsozlikda ham birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olingandi.

Shavkat Mirziyoyevning belgilan bergan Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishidan to‘rtinchisi shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirishga qaratilgan.

Tomonlar shaharlarni rejalashtirish va qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, kommunal xo‘jalik sohalarida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar kelishib olindi.

O‘zbekistonda infratuzilma va tarmoq loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma Loyihalashtirish va injiring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv shular jumlasidan.


2022-yilda BAAning “Scope Investment” kompaniyasi O‘zbekiston bilan “aqlli shahar” va shahar transportini boshqarish sohasida hamkorlik qilish istagida ekani ma’lum qilingandi.