Energetika vazirligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorlikda “Quyoshli mahalla” maxsus tanlovini o‘tkazmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tanlov Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-martdagi farmoyishi asosida aholi o‘rtasida kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlaridan keng foydalanishni jadallashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tanlov 2023-yil 1-iyundan 1-sentabrgacha Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla fuqarolari yig‘inlari miqyosida o‘tkaziladi. Unda ishtirok etish ixtiyoriy.

Tanlovda ishtirok etish uchun mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining jami quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmasligi va mahalla fuqarolari yig‘inlaridagi xonadonlarga quyosh panellari tanlov e’lon qilingan kundan boshlab, tuman (shahar) hokimligiga taqdim etish kuniga qadar davrda o‘rnatilgan bo‘lishi shart.

Tanlov g‘oliblariga quyidagi mukofotlar topshiriladi:

respublika bo‘yicha bosh sovrin — BHMning 1 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shaharlarning har birida:

  • 1-o‘rin uchun — BHMning 400 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
  • 2-o‘rin uchun — BHMning 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
  • 3-o‘rin uchun — BHMning 100 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish.

Avvalroq “Spot” Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderning dastlabki g‘olibi aniqlangani haqida yozgandi.

“Masdar” kompaniyasi tenderning dastlabki g‘olibi, “ACWA POWER” kompaniyasi esa tenderning zaxira g‘olibi deb e’lon qilindi.