Javohir Qayumov 1995-yil Qarshi shahrida tavallud topgan. U bakalavrni Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti Xitoyshunoslik fakultetida tamomlab, magistraturani esa Xitoydagi Sichuan universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishida davom ettiradi.

Javohir oilada besh farzandning kenjasi. U hozirgi kunda Toshkentda, ota-onasi esa Qarshi shahrida istiqomad qilishadi.

U “Spot"ga qancha pul topishi, avtomobil xaridi va qanday qilib yaxshi daromad topishi haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



Daromadlar haqida

Pul ishlab topishni erta boshlaganman. Hali bakalavrda o‘qib yurgan kezlarim xitoy tilidan repetitorlik qilar edim. Buning natijasida ilk marta qo‘limga 500 ming so‘m tushgan.

Lekin birinchi rasmiy ravishda topgan mablag‘imni 2018-yil yanvar oyida topganman. Magistraturada hali onlayn o‘qib yurganimda Qarshidagi Xitoy bilan birgalikda ochilgan qo‘shma korxona — “Litai International Textile"da tarjimon sifatida faoliyat olib borganman.

Ish joyimni ko‘p o‘zgartiraman, negaki turli sohalarda o‘zimni sinab ko‘rgim keladi. Oldingi ish joyim “ZTE” kompaniyasi bo‘lgan, u yerda qariyb ikki yil davomida autsors-menejer bo‘lib ishladim.

Yaqinda o‘quv markazidan taklif tushdi, va administratorlik lavozimiga ishga o‘tdim. U yerda yarim stavkada ishlayman, maoshim 6 mln so‘mni tashkil etadi.

Qo‘shimcha daromad manbayi. Oxirgi ishlayotgan ish joylarim xitoy tili bilan bog‘liq bo‘lyapti, lekin bu aynan tarjimonlik yoki o‘qituvchilik emas. Mutaxassisligim bo‘yicha filolog, tarjimon bo‘lganligim sababli hozirgi kunda — ishdan tashqari, dam olish yoki bayram kunlari xorijiy mehmonlarga yoki xitoylik tadbirkorlarga tarjimonlikka, gidlikka chiqaman.

Xitoyda o‘qib va ishlab (Javohir Xitoyda bog‘cha bolalariga ingliz tilidan boshlang‘ich ta’lim bergan — “Spot” izohi ) kelganimning O‘zbekistondagi hozirgi faoliyatimga ta’siri ko‘p. Avvalo, til bilish darajam ancha o‘sdi. Ya’ni yangi so‘zlar, Xitoy aholisi o‘zaro ishlatadigan iboralarni o‘rgandim.

Shu sabab hozir xitoylik sayyohlar bilan muloqot qilishda deyarli muommolar bo‘lmadi. Va bu esa, o‘z o‘rnida, yaxshi daromad topishimda katta rol o‘ynaydi.

Shu bilan birga, onlayn-darslarni ham yo‘lga qo‘yganman. Ya’ni o‘zbek va xitoy tillarini chet ellik va o‘zimizninig mahalliy o‘quvchilarga o‘rgataman.

To‘liq bir kun tarjimonlikdan $100, yarim kunga esa shu summaning yarmini ishlab topaman. Onlayn kurslar uchun soatiga $10 dan olaman.

Yaxshi daromad topish uchun, asosiysi, tinmasdan harakat qilish kerak, deb hisoblayman. Mening yutuqlarimda muhim rol o‘ynagan asosiy jihatlarimdan biri ijtimoiy tarmoqlarda faol ekanligimda, deb bilaman. “YouTube”, “Instagram”, TikTok va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida video materiallar ulashib boraman.

Xitoydan kelayotgan tijoratchilarning aksariyat qismi aynan shu ijtimoiy tarmoqlarda meni tanib, tarjimonlik qilishimni so‘rab aloqaga chiqishadi.

Jamg‘arma va sarmoya

Daromad va xarajatlarimni muvozanatlashtirishda imkoniyatdan kelib chiqqan holda, teng taqsimlayman. Chunki, qancha ko‘p pul topganingiz sari, shuncha chiqimlar ham ko‘paya boshlaydi. Buni oldini olish maqsadida, har bitta xarajatimni minimallashtirib, reja asosida sarflashga harakat qilaman.

Daromadimdan tejab qoladigan pul miqdori har oy har xil. Agar aniq summada aytadigan bo‘lsam, oyiga $500 dan $1000 gacha tejab qolishni o‘zimga maqsad qilib qo‘yganman.

Pul tejab qolish, jamg‘arib qo‘yish mobaynida bank sistemasidan foydalanaman. Ko‘proq sayohatda yurganim sababli, jamg‘armamni Visa kartalarida AQSh dollarida saqlab qo‘yishni afzal ko‘raman. Hozirgi kunda Toshkent shahrida joylashgan OFB ya’ni “Orient Finans Bank"da saqlayman.

Shu yaqin kunlarda bilimga sarmoya kiritish davomida, pulni tejash maqsadida do‘stlarim bilan kamroq ko‘rishish, dam olishlarni qisqartirdim. Sayohatlarni bekor qilish, yangi kiyimlar olishni kamaytirishga to‘g‘ri keldi.

Lekin ta’lim sohasiga hech ham pul ayamayman. Sarmoyani o‘zimga, o‘qib o‘rganishimga sarflashni afzal ko‘raman. Chunki, bu sohaga kiritgan mablag‘laringizni kelajakda ikki baravar qilib qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Eng katta sarmoyalardan biri bu ikki yil oldin avtomobil (Nexia 3) sotib olganim bo‘ldi. Hozirgi kunda jamg‘armam, taxminan, 5 marta Turkiyaga borib kelishga yetadigan summani tashkil qiladi.

ish, pul, shaxsiy mablag'

Muntazam xarajatlar

Har oy qaytariladigan xarajatlarim taxminan quyidagilardan iborat:

  • transport, ya’ni shaxsiy avtomobilimga yoqilg‘i uchun $150 atrofida;
  • sportga $50;
  • qo‘shimcha kurslar, yan’i ta’lim uchun $60;
  • oziq ovqat $190;
  • ko‘ngilochar xizmatlarga $150.

Shularni hisoblagan holda, o‘zim uchun oyiga $600 atrofida xarajat qilaman.

Sayohat

Sayohatlarni o‘zim tashkillashtirishni yaxshi ko‘raman. Ya’ni, mustaqil sayohat turini yoqtiraman. Chunki, o‘zim u bu joyga sayohatga borsam, muommoga duch kelsam, qo‘rqmayman. Mas’uliyat faqat o‘zim uchun o‘zimda bo‘ladi.


Mavzuga doir: Gruziya va Ozarbayjon, shuningdek Turkiya bo‘ylab mustaqil sayohat


Sayohat rejasini ham o‘zim tuzaman. Bu ko‘proq joyni ko‘rish va vaqtni tejash imkonini beradi.

Birinchi sayohatim Xitoy bo‘ylab bo‘lgan. U yerda o‘qish davomida sayohat qilishga ham imkon topganman. Kursdoshlarim bilan Chunsin shahriga uch kunga borganimiz kechagidek yodimda.

Bu vaqt mobaynida qilgan sarf xarajatlarim 55−$60 atrofida bo‘lgan.

Hozirda yiliga hech bo‘lmaganda bir marta chet davlatlarini ko‘rishga harakat qilaman. Shu kungacha Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Tailand, Indoneziya, Malayziya va Filippinga borishga muvaffaq bo‘ldim.

Budjetni boshqarish bo‘yicha maslahatlar

Bu borada har bir inson o‘z oldiga asosiy madsad qo‘yishi kerak. Ya’ni pulni qanday topyapti va nima uchun. Agar faqatgina yeb ichish yoki kafyu-safo uchun bo‘lsa, bu juda yomon. Chunki, bunday vaziyatda pulingizda baraka ham bo‘lmaydi va uni qayerga ketayotganini ham nazorat qila olmaysiz.

Menda asosiy maqsad pulni qanday va nimaga ishlab topayotganim va uni nima maqsadda ishlatmoqchiligimda — undan nimaga qancha sarmoya qilishim kerak va qancha tejashim kerak. Agar shu maqsad bilan ketilsa, pulni tejash, undan foydalanish samarali bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Doim kerakli narsaga pul sarflash joiz. Ya’ni sog‘ligingizda o‘zgarish sezyapsizmi, vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish, sport bilan shug‘ullanish kabi. Xuddi shunday kerakli narsalarga pul sarflab, keraksiz narsalarga pulni sarflashdan saqlanish kerak.

Shuni ham aytib o‘tishim kerak, “qarz aloqani buzadi”, degan iboraga ko‘proq amal qilaman. Iloji boricha qarz olmaslikka va qarz bermaslikka harakat qilaman. Tanishlarimga ham qarz masalasida qat’iy turaman. Va bu, avvalo, munosabatlarga ta’sir qilmasligini juda ham xohlayman.