Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.
Unda O‘zbekiston bilan XVF o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, pul-kredit va fiskal siyosatni takomillashtirish borasidagi islohotlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro valyuta fondi bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashdi hamda fondning 70 dan ortiq missiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi, ekspert-texnik ko‘mak kengayib bormoqda.
XVF rahbari Kristalina Georgiyeva mamlakatdagi islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda amalga oshirilishiga bundan buyon ham ko‘maklashishiga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, global iqtisodiyot va barqaror taraqqiyotga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
2022-yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023-yilda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni prognoz qilgandi.
Xususan, o‘sish biroz pasayishi va bu ko‘rsatkich 5%dan sal kamroq bo‘lishi ta’kidlangandi. Shuningdek, tashkilot pul-kredit siyosati, xususiylashtirish hamda soliq va bojxona kabi yo‘nalishlarda tavsiyalar bergandi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida “Shirin” massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishgandi.