Hukumatning “Toshkent shahrida yo‘lovchilar tashish faoliyati va ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi Toshkent shahar hokimligi tomonidan muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat bilan, Toshkent shahrining Amir Temur, Shahrisabz, Shota Rustaveli va Yangi Sergeli ko‘chalarida tezkor avtobuslar harakatlanishi uchun alohida ajratilgan yo‘lak tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Mazkur ko‘chalardagi chorrahalarda svetoforlar muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish va chorrahalarning geometrik parametrlarini o‘zgartirish orqali samaradorligini oshirish, yo‘nalishsiz taksi uchun yo‘lovchilarni tushirish-chiqarish maydonchalarini hamda tartibga solingan piyodalar o‘tish yo‘laklarini joriy qilish kabilar belgilanmoqda.

Shuningdek, svetoforlarni muvofiqlashtirilgan tizimga integratsiya qilish, xavfsizlik orolchalarini joriy etish, jamoat transporti infratuzilmasi obyektlarini talab va ehtiyojdan kelib chiqib rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish ham nazarda tutilgan.

Tezkor avtobuslar harakatlanishi uchun alohida ajratilgan avtobus yo‘lagini tashkil etish va chorrahalarning geometrik parametrlariga o‘zgartirish kiritish natijasida rekonstruksiya qilish natijasida avtobus harakati tezligini va yo‘llarda transport vositalari o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshishi ta’kidlanmoqda.

Toshkent shahar hokimligi shaharning Amir Temur, Shahrisabz, Shota Rustaveli va Yangi Sergeli ko‘chalarida qurilish va ta’mirlash ishlarini joriy yil yakuniga qadar to‘liq tugatish choralarini ko‘rishi qayd etilgan.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 21-iyunigacha jo‘natish mumkin.