Joriy yil boshidan may oyigacha O‘zbekiston $4,3 mlrd qiymatidagi oltin eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,3% ko‘pdir, deya xabar beradi Statistika Agentligi.
Yanvar-aprel oylarida qimmatbaho metallarning eksporti $3 mlrdni tashkil etgan (aprel oyida — $600 mln), bu o‘tgan yilning yanvar-aprel oylariga nisbatan 3% ko‘p.
Otin eksportida asosiy savdo hajmi may oyiga to‘g‘ri kelib, may oyida oltin sotish davlatga qariyb $1,4 mlrd daromad keltirdi.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayishda davom etmoqda. Markaziy bank 1-iyun holatiga xalqaro zaxiralarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, o‘tgan davrda mamlakat zaxiralari $838 mlnga kamayib, $34,3 mlrdni tashkil etdi.
Aprel oyida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari $230 mln.ga kamaygandi. May oyidagi ko‘rsatkich esa joriy yildagi eng yuqori kamayish qayd etilgan fevral oyidagi natijadan keyingi yuqori ko‘rsatkichdir.
Fevralda mamlakat zaxiralari $1,9 mlrd.ga kamaygandi. Biroq, mart oyi davomida ko‘rsatkich $1,4 mlrd.ga oshib, zaxiralar $35,4 mlrd.ga yetgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda yillik oltin qazib olish hajmini 1,4 barobarga, ya’ni 150 tonnagacha oshirish rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.