May oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga 65,02 ming tonna bug‘doy unini eksport qildi, bu aprel oyiga nisbatan 37%ga ko‘pdir, deb yozadi “APK-Inform” rasmiy statistik ma’lumotlarga tayanib.

Nashrning yozishicha, bu nafaqat joriy mavsum boshidan buyon, balki so‘nggi bir necha mavsum davomidagi rekord oylik ko‘rsatkichdir.

Umuman olganda, 2022/23-yilning 9 oyi davomida (sentabr-may) O‘zbekiston 406,6 ming tonna qozoq unini import qildi.

O‘tgan mavsumning shu davrida Qozog‘iston O‘zbekistonga ushbu mahsulotlarning 319,2 ming tonnasini (shundan 2022-yilning may oyida 33,73 ming tonna) yetkazib bergan.

O‘zbekiston Qozog‘iston bug‘doy unini import qiluvchi davlatlar ro‘yxatida Afg‘onistondan keyin 2-o‘rinni mustahkam egallab turibdi.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondan O‘zbekistonga bug‘doy eksporti ham sezilarli darajada oshgan.

2022/23-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qozog‘iston g‘allasining yetakchi importchisi bo‘ldi — bu yo‘nalishda 3,094 mln tonna jo‘natildi, joriy yilning may oyida — 395,12 ming tonna (bu oxirgi 5 oydagi eng yuqori ko‘rsatkich).

O‘tgan mavsumning shu davrida O‘zbekiston 2,21 mln tonna bug‘doy sotib olgan (jumladan, 2022-yilning may oyida 150,87 ming tonna).