O‘zbekiston Rossiya neftini xarid qilishni qariyb to‘rt baravar oshirdi, deya xabar bermoqda “TASS” nashri “KazTransOil” matbuot xizmatiga tayanib.

Unga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit orqali 10,7 ming tonna neft jo‘natilgan.

Ikkinchi chorakda “KazTransOil” tomonidan tashilgan Rossiya nefti hajmi qariyb to‘rt baravarga — 37,9 ming tonnagacha oshgan.

Qozog‘iston kompaniyasi neftni tashish Qozog‘iston Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan yetkazib berish jadvaliga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“KazTransOil” magistral neft quvurlari tizimi orqali Rossiya neftini O‘zbekistonga olib chiqish olti yil avval boshlangan.

Masalan, 2017-yilda tranzit 67,9 ming tonnani, 2018-yilda 36 ming tonnani tashkil etdi. Biroq 2019-yildan 2022-yilgacha mamlakat nefti Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga umuman yetkazib berilmagan.


2022-yil dekabr oyida Qozog‘iston O‘zbekiston energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishgandi.

Xususan, 2023-yilda O‘zbekistonga 300 ming tonna Qozog‘iston nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati $150 mln.lik kelishuv amalga oshirildi. Mazkur kelishuv doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 mln tonnaga yetkazish belgilangan.

Undan keyingi kelishuv 2023-yilda 300 ming tonna Rossiya neftining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish bo‘lib, loyiha qiymati $9 mln.ni tashkil etadi.

Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlar tabiiy gazning o‘zaro tranzitini amalga oshirish, mavjud yer osti gaz omborlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish hamda gaz uzatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan.

Mart oyiga keklib Qozog‘istonning “KazTransOil” kompaniyasi 2023-yilda O‘zbekistonga 250 ming tonna Rossiya neftini tranzit qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.

Neft yetkazib berish jadvaliga muvofiq, mart oyida kompaniya 25 ming tonna Rossiya neftini mamlakat orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishi ma’lum qilingandi.

Oy oxiriga borib, ya’ni 27-mart kuni “KazTransOil” magistral neft quvuri orqali O‘zbekistonga neft jo‘natishni boshlagani haqida ma’lum qildi.