Prezident qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat berilishi belgilangan.

Hujjat bilan, elektrning qayta tiklanuvchi manbalari asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi mazkur tizim quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

  • 1-iyuldan — “O‘zbekgidroenergo"dagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun;
  • 1-oktabrdan — quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun.

“O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etilgani haqida xabar berdi.

Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlanadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng.

Ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqib, kompaniya yiliga 7 mln dona “yashil energiya” sertifikatlarini birja savdosiga chiqarishi mumkin.

Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt*soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

2030-yilga kelib iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 mlrd kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi.

Shuningdek, 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Tizim qanday ishlaydi?

“Yashil energiya” sertifikati quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ma’lum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishib, tizimni tartibga soluvchi mas’ul organ (emitent) sifatida tashkilot akkreditatsiyasidan o‘tgan.

O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil etilgan.

Xususan, spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlari sotuvga qo‘yib boriladi.

Iste’molchi tomonidan “yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuzilib, shartnoma asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, ya’ni emitentga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboradi.

Ushbu talabnoma asosida emitent “O‘zbekgidroenergo” nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlarni chiqarib beradi.

Oxirgi bosqichda kompaniya tomonidan sertifikatlar iste’molchi nomiga hisobdan chiqariladi.

I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik mas’uliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi, deyiladi xabarda.

Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.


Mamlakatda quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.