Qozog‘istonning poyabzal fabrikasi O‘zbekiston bilan autsorsing asosida poyabzallar ishlab chiqaradi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, uyushma raisi Faxriddin Boboev Qozog‘istonning Qarag‘anda poyabzal fabrikasi delegatsiyasi bilan uchrashib, unda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, autsorsing asosida maxsus poyabzallar ishlab chiqarishni rivojlantirish muhokama etildi.

Qozog‘iston korxonasi ishlab chiqarish hajmini kengaytirishni maqsad qilganiga qaramay, bu yo‘nalishda malakali texnolog va dizaynerlarga ehtiyoj borligini qayd etgan.

Shu sabab, korxona O‘zbekistondagi “Ulkan-Laziz” kompaniyasi bilan autsorsing asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Samarqandga tashrif amalga oshirilib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish belgilangan.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi ikki mamlakat o‘rtasida charm-poyabzal sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha alohida yo‘l xaritasiga asosan ishlarni tashkil etib, Qozog‘iston korxonalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Qarag‘anda poyabzal fabrikasi 2011-yildan buyon faoliyat yuritadi. Korxona Markaziy Qozog‘istonning yagona maxsus poyabzallar ishlab chiqaruvchisi hisoblanib, kunlik quvvati 1000 juftni tashkil etadi.

Avvalroq Rossiyaning “Tavro” charm mahsulotlar ishlab chiqarish kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya rahbari mamlakatda yangi korxona ochish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, poyabzal ishlab chiqarish uchun pardozlangan charmlar, premium va o‘rta segmentdagi attorlik mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayogani ma’lum qilindi.