Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi umumta’lim maktablarini kompyuter texnikalari bilan ta’minlashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Bu bo‘yicha minimal me’yorlar va texnik talablar tasdiqlanib, 1 komplekt kompyuter sinflari to‘plami ichida 17 donadan kompyuter va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash belgilanmoqda.

Shundan, 16 tasi (15+1) kompyuter sinf xonalari uchun, qolgan bir donasi esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari xonasiga beriladi.

Kompyuter sinf xonalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash dasturiga muvofiq, mamlakatdagi jami 2228 ta maktabni bu kabi xonalar bilan ta’minlash keltirilgan.

Buning uchun davlat hisobidan 199,8 mln so‘m, mahalliy budjetdan esa 200,1 mln so‘m ajratilishi qayd etilgan.

Qaror loyihasida Raqamli texnologiyalari vazirligi 2024-yilgacha umumta’lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan yangi tarif rejasini ishlab chiqishi belgilanmoqda.

Bunda, ta’lim muassasalarida 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan ko‘p bo‘lganlarda esa kamida 100 Mbit/s bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

“New Education” tarif rejasining har bir tezlikdagi paketi uchun har oylik abonent to‘lovi miqdorlarini belgilash va bunda ta’lim tashkilotlari tomonidan internet xizmatlaridan tungi vaqtda foydalanilmasligi inobatga olinadi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-dekabrigacha ta’lim muassasalarida AKTdan samarali foydalanish maqsadida STEM fanlaridan elektron ta’lim kontentlari va virtual laboratoriya ishlari yaratiladi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 30-iyuligacha jo‘natish mumkin.


Avvalroq vaqtinchalik olib kiriladigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarini oshirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.