Yangiyo‘lda “Zara” hamda “Columbia” brendlari ostida kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi.

Xususan, tuman mas’ullari hamda Turkiyaning “Medex Textile” korxonasi rahbari Yavuz Orxan o‘rtasida tekstil-to‘qimachilik yo‘nalishida yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.

Tomonlar brend kiyim-kechaklarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, unga $25 mln miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

Dastlab, trikotaj mato ishlab chiqarish va bo‘yash ishlarini amalga oshirish loyihasi, ikkinchi bosqichda esa tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada investorlar takliflari muhokama qilindi. 

Loyiha natijasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi hamda yiligi $20−30 mln.lik eksport amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Hokimlik matbuot xizmatining keltirishicha, joriy yilning 6 oyida tumanda umumiy qiymati $48,3 mln miqdorida 36 ta loyiha ishga tushirilib, 1 782 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.

Ushbu loyihalarning asosiy qismi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

May oyi boshida Saudiyaning “Cenomi Group” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.

Kompaniya portfeliga “Inditex” guruhining “Zara”, “Zara Home”, “Massimo Dutti” kabi brendlari kiradi.