Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabariga ko‘ra, yana ikkita kompaniya kripto-do‘konlarini faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi.

24-iyul kuni Toshkent shahrida 2 mln so‘m ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan “C-BASE” CS 0005 raqamli litsenziya oldi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, uning asoschisi Alisher Aliqulov avvalroq boshqa IT-kompaniyada ulushga ega bo‘lgan.

Navbatdagi litsenziya 8-avgust kuni “Uzpaynet” to‘lov xizmati sho‘ba korxonasi “Paynet Crypto"ga berildi. U may oyida 10 mln so‘m ustav kapitali bilan tashkil etilgan.

Bu yil boshidan beri birinchi ikkita litsenziyalangan kripto-do‘kon hisoblanadi. Umuman olganda, agentlik reestrida hozirda oltita shunday litsenziya mavjud bo‘lib, ularning berilishi o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan.

2022-yil 3-noyabr kuni Adliya vazirligida kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.

Unga ko‘ra, mazkur qoidalar kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Bu faoliyat turi kripto-do‘konning elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali amalga oshiriladi.

Xususan, kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
  • chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish.

Kripto-do‘konning savdo obyekti orqali esa:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.

Kripto-do‘konda majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar hamda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Avgust oyida kripto-aktivlar sohasidagi provayderlarni litsenziyalash tartibi, sentabr oyida esa kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilangandi.