Adliya vazirligida kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, mazkur qoidalar kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Bu faoliyat turi kripto-do‘konning elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali amalga oshiriladi.

Xususan, kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
  • chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish.

Kripto-do‘konning savdo obyekti orqali esa:

  • jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
  • mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.

Kripto-do‘konda majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar hamda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, anonim kripto-aktivlar hamda o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni sotib olish yoki sotish operatsiyalarini o‘tkazish mumkin emas.

Avgust oyida kripto-aktivlar sohasidagi provayderlarni litsenziyalash tartibi, sentabr oyida esa kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilangandi.