Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-oktabrigacha ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini pochta orqali yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
1-dekabrdan esa migratsiya, avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda davlat raqami berish bo‘yicha davlat xizmatlari fuqarolar xohishi bilan yashash joyiga chiqish orqali amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, 1-noyabrgacha migratsiya va transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishda, mamlakat hududini doimiy xizmat bilan o‘rab oladigan Call-markaz tashkil etiladi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati qo‘shimcha to‘lov asosida ko‘rsatilib, bunda to‘lovlar oldindan amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo aholining quyidagi ijtimoiy ehtiyojmand toifasidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
- I va II guruh, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;
- muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
- ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan shaxslar;
- yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar.
Xizmat 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib amalga oshiriladi.
Shuningdek, transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari qo‘shimcha to‘lov asosida 1, 3 yoki 5 kunda ko‘rsatiladi.
Bunda ham to‘lov xizmat ko‘rsatilishidan oldin amalga oshiriladi hamda uning miqdori quyidagicha:
- 1 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 4 baravari (1 mln 320 ming so‘m);
- 3 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 3 baravari (990 ming so‘m);
- 5 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 2 baravari (660 ming so‘m).
Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qo‘shimcha BHMning 5%i (16 500 so‘m) miqdorida to‘lanadi.
Sayyor davlat xizmatidan foydalanishni istovchilar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti, Call-markaz, mobil ilovasi yoki Yagona portal orqali murojaat etishlari kerak.
Murojaat etuvchilar so‘ragan kunda sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, bu haqda ular ogohlantiriladi va boshqa kunni tanlash taklif etilishi mumkin.