Avvalroq bog‘chalarda kompyuter sinflarini tashkil qilish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga planshet tarqatish Xorazmdan boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Jumladan, birinchi bosqichda viloyatdagi 543 ta maktabdan 110 tasi tanlab olinib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga “noutbuk” olib beriladi. Yuqori sinflarda dasturlash, veb-dizayn kabi sohalar kasb sifatida o‘qitiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga prezidentining tegishli qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, 2024-yildan boshlab, Xorazm viloyatida eksperiment tariqasida, kelgusida esa, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarga, oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining o‘quv yuklamasi 18 soatdan 16 soatga, yuqori sinf o‘qituvchilarinikini esa, 20 soatdan 18 soatga qisqartiriladi.

Shuningdek, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga, ko‘p yillik xizmat qilganligi uchun pedagogik stajiga qarab 30%gacha miqdorda ustama to‘lab borilishi mumkin.


Avvalroq “Spot” bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilar oyligi o‘qituvchilar oyligiga tenglashtirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, 2024-yildan davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.