“Software Wizards” kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan “QA Engineering” kursiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish sohasida yuqori malakali mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlashga qaratilgan hamda texnopark rezidentining mazkur kursida QA-tester (QA Muhandisi) kasbini o‘rganish istagidagi nomzodlar ishtirok etishi mumkin.

Kursda quyidagi mavzular o‘rgatiladi:

  • sinov asoslari va test turlari;
  • test loyihalash texnikasi;
  • xatolar haqida hisobotlar;
  • test menejment asoslariga umumiy nuqtai nazar;
  • QA muhandisining majburiyatlari;
  • QA karyera boshlanishi va rivojlanishi bo‘yicha tasdiqlangan maslahatlar va tavsiyalar hamda boshqalar.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, kurs ingliz tilida olib boriladi hamda uch oy davom etadi. Birinchi ma’ruza 5-sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan holda bitiruvchilarning real muammolarini hal qilishga tayyor bo‘lishini kafolatlaydi.

19-sentabr kuni, bir nechta ochiq ma’ruzalardan so‘ng, eng g‘ayratli va o‘qishga tayyor nomzodlarni aniqlashga yordam beruvchi kirish imtihonlari o‘tkaziladi.

Mashg‘ulotlarning final bosqichi — yakuniy imtihon, 1-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Natijalarga ko‘ra, talabalarga o‘z malakalarini tasdiqlovchi dasturni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikat taqdim etiladi.

Shuningdek, yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ishtirokchilar “DSR” jamoasida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Kursga havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

“Software Wizards” “DSR Corporation” kompaniyasining Toshkentdagi filiali hisoblanadi. Korporatsiya 1998-yilda tashkil etilib, startaplar va global brendlar bilan hamkorlikda 1000dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan. “DSR Corporation” bosh qarorgohi AQShning Denver shahrida joylashgan.