Koreya til markazi o‘zbekistonliklarni til kurslariga jalb qilmoqchi. bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Behzod Musayev mamlakatning Qirol Sejong koreys tili markazi (KSIF) Toshkent shahar filiali direktori Xur Seong Xayeng hamda Namangan shahar filiali direktori Son In Sung bilan uchrashdi.

Unda Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘quv dasturiga jalb qilish bo‘yicha quyidagi kelishuvlar amalga oshirildi:

  • koreys tiliga o‘qitish sifatini oshirish;
  • texnologiyalar asosida qisqa vaqt ichida o‘rgatish;
  • EPS-Topik test imtihonlariga ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlari asosida onlayn/oflayn o‘quvlarni tashkil etish.

Til o‘rganuvchilarni o‘quv qurollari va tarqatma materiallar bilan ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar Qirol Sejong koreys tili markazi tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan.

O‘quv kurslarining ochilishi Koreyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun ajratiladigan kvotalarni saqlab qolishga va yoshlarning til o‘rganish imkoniyati ortishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mazkur o‘quv kurslari Koreya tomonidan taqdim etiladigan E-9 vizasidan tashqari, E-7 va E-8 vizalari bo‘yicha ham tatbiq etilishi mumkin.

Avvalroq Yaponiyaning “Glosal Partner Cooperative”, “Japan Reigi Sahou” va “Muroo” kompaniyalari bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik memorandumlari imzolangandi.

“Muroo” kompaniyasi yapon tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan O‘zbekiston OTMlarida bakalavriatning oxirgi bosqichlarida o‘qiyotgan talabalarni o‘qishni bitirgungacha tayyorlab, “yuqori malakali ishchi” toifasida Yaponiyada ishga qabul qilish rejalashtirgan.

Bundan tashqari, JICA kompaniyasi bilan “Yaponiyada bandlik imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekistonning sanoat sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolangandi.