Hukumatning tegishli qarori bilan tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari bo‘yicha o‘rnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini o‘z ichiga oladi

Yagona reyestrga ma’lumotlar tegishli sohani tartibga soluvchi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi.

Adliya vazirligi Yagona reyestrning operatori hisoblanadi, uning yuritilishini uslubiy ta’minlaydi hamda davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni belgilaydi:

  • reyestrda har bir majburiy talab bo‘yicha kiritiladigan ma’lumotlarning turlari;
  • reyestrni shakllantirish va yuritish bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda tashkilotlarining funksiyalari;
  • tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan amaldagi majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish tartibi;
  • yangi joriy etiladigan majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish tartibi;
  • reyestrda joylashtirilgan ma’lumotlarni yangilab borish tartibi.

Joriy yilning 1-dekabrga qadar Yagona reyestr elektron tizimi ishlab chiqilib, sinov tarzida ishga tushirilishi belgilangan.

Yagona reyestrga joylashtirilgan majburiy talablar ularning dolzarbligi va zarurligi hamda joriy etilishidan ko‘zlangan maqsadlarga erishilganligi bo‘yicha har 5 yilda bir marta vakolatli organlar tomonidan tartibga solish ta’sirini baholagan holda qayta ko‘rib chiqiladi.

Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi hamda vakolatli organlar tomonidan reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.

2022-yilning sentabrida prezident qarori bilan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin, tadbirkorlarning qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, “xavfni tahlil etish” tizimiga qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlandi.