Picodi.com tahlilchilari O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari aholisi oziq-ovqatga qancha pul sarflashini tahlil qildi.

Xususan, Picodi.com mutaxassislari dunyoning 105 ta davlatidagi statistik ma’lumotlarni o‘rganib, umumiy iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari nisbatini hisoblab chiqdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston yashash uchun sarflanadigan xarajatlar eng yuqori bo‘lgan 10 ta davlat qatoriga kiradi. Mamlakat aholisi uchun oziq-ovqat sotib olish barcha iste’mol xarajatlarining 46,5%ni tashkil qiladi.

Reytingda eng yuqori ko‘rsatkichni Nigeriya (59%), Myanma (56,6%), Keniya (56,1%), Bangladesh (52,7%), Laos (50,6%), Angola (49,7%) va Qozog‘iston (49,4%) qayd etgan.

Bu ro‘yxatda AQSh eng past ko‘rsatkichni egallab turibdi. Amerikaliklarning iste’mol savatchasida oziq-ovqat narxi atigi 6,7%ni tashkil etadi.

Shuningdek, reytingda 10%dan past ko‘rsatkich Singapur, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Shveysariya, Avstraliya va Kanadada qayd etilgan.

Qolaversa, ro‘yxatda MDH davlatlarining aksariyati O‘zbekistondan yuqori joylashgan. Masalan, Rossiyada oziq-ovqat barcha iste’mol xarajatlarining 29%ini, Belarusda 32,1%ni, Gruziyada 32,3%ni hamda Turkmanistonda 36,9%ni tashkil etadi.

Ukraina va Ozarbayjonda oziq-ovqat sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun taxminan 40% mablag‘ sarflanadi.

Joriy yilning olti oyida O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etgandi.