Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi oldidan Bokuda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar hamda 250 dan ortiq kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Laziz Qudratov va Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov hamraisligida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022-yilda 6 barobarga, joriy yil boshidan esa yana 40%ga oshgani ta’kidlandi.

Farmatsevtika va neft-kimyo mahsulotlari, plastmassa buyumlar, polimerlar va tog‘-kon sanoati mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt baravar ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Ayni paytda avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, Ozarbayjonda paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil qilish, O‘zbekistonda qurilish materiallari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni boshlangan.

Shu bilan birga, energetika, metallurgiya, shaharsozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati hamda neft va gaz sanoati hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiyaviy kompaniyasi ko‘magida metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

So‘zga chiqqanlar ikki davlat tadbirkorlarini faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Yakunda neft va gaz, kimyo va tog‘-kon sanoatlari, farmatsevtika mahsulotlari va maishiy texnikani ishlab chiqarish sohalarida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolandi.

Iyul oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qo‘shma sarmoya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangandi.