Talabalikka tavsiya etilganlar uchun to‘lov-shartnomasini onlayn olish imkoniyati mavjud.

Barcha talabalar hamda 1-kursga tavsiya etilgan talabalar shartnomalarni elektron shaklda olishi mumkin.

Xizmat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kontrakt.edu.uz elektron portali orqali amalga oshiriladi.

Mazkur portal orqali “super-kontrakt” uchun ham ariza qoldirish va shartnoma rasmiylashtirish mumkin.

Undan foydalanish uchun talabalar ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Mazkur platforma 2022-yilning avgust oyida ishga tushirilgandi.

Qonunchilikka ko‘ra, talabalarga kontrakt to‘lovini qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan. Xususan:

  • kontraktning kamida 25%ini birinchi kurslar 15-sentabrgacha (yoki Davlat qabul komissiyasi belgilagan muddatgacha) hamda ikki va undan keyingi kurslar 1-oktabrgacha (yoki OTM rahbariyati uzaytirgan muddatgacha);
  • kontraktning kamida 50%i 1-yanvargacha, 75%i 1-aprelgacha va 100%i 1-iyulgacha (yoki OTM rahbariyati uzaytirgan muddatlargacha);
  • xorijiy fuqarolar OTM rahbariyati belgilagan muddatlargacha.

Super-kontraktni to‘lash muddati va miqdorlari Davlat qabul komissiyasi tomonidan (o‘quv yilining birinchi yarmi uchun), qolgan qismi OTM rahbariyati tomonidan belgilanadi.

Avvalroq “Spot” qaysi banklar talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratishi haqida ma’lumot bergandi. Hozirda 12 ta bankda talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda.

Shuningdek, OTMlarning bakalavriaturasiga qabul qilingan 1-bosqich talabalariga Yagona portal orqali yotoqxona uchun ariza jo‘natish xizmati ishga tushirildi.

Ariza jo‘natish bepul bo‘lib, hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Yotoqxona bilan ta’minlashda imtiyozli talabalar bilan birga, yana ayrim jihatlar ustuvorlikka ega.