“Ravnaq-Bank” o‘z nomini “Octobank” deb o‘zgartiradi. Bu haqdagi qaror aksiyadorlar tomonidan qabul qilingan.
Shuningdek, 30-avgust sanasida “Ravnaq-bank” aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Kuzatuv kengashi tarkibida o‘zgarish ro‘y bergan.
Kuzatuv kengashi a’zolari S.Fayziyev, R.Kamildjanov, X.Jumayev, U.Maxmudov kengash tarkibidan chiqarildi.
Endilikda bank Kuzatuv kengashi tarkibi quyidagicha ko‘rinishda:
1. Muslimov Ulugbek Shuxratovich
2. Zakirova Taxmina Maxmadtoirovna
3. Sharipov Najmiddinxodja Shuxratovich
4. Pulatov Shuxrat Akmalьevich
5. Axrarov Aziz Xamidullayevich.
Ta’kidlanishicha, aktsiyadorlar tomonidan bankning qo‘shimcha chiqarishi mumkin bo‘lgan aktsiyalarning miqdorini 300 mlrd so‘mga ko‘paytirishga kelishib olingan.
Bu esa bankning mavjud shakllantirilgan 200 mlrd so‘m mikdoridagi ustav kapitalini 500 mlrd so‘mgacha oshirish imkonini beradi.
Yanvar-iyun oylari natijalariga ko‘ra, “Ravnaq-bank” zarar ko‘rayotgan banklar uchligiga kirdi. Uning zarari 3,5 mlrd so‘mga baholangan.
Bundan tashqari, 1-avgust holatiga ko‘ra, kreditlarning 80,5 foizi (263 mlrd so‘mdan 212 mlrd so‘m) muammoli deb hisoblanadi.
Bu banklar orasida “O‘zagroeksportbank"dan keyingi ikkinchi eng yomon ko‘rsatkich bo‘lib, kredit hajmi atigi 0,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
“Ravnaq-bank” 2001-yil iyun oyida tashkil etilgan. Bank biznes-rejasida biznesning uchta strategik yo‘nalishi belgilangan: korporativ, tijorat va chakana.
Asosiy e’tibor zarur mijozlar bazasini yaratish va barqaror daromad manbalarini ta’minlash uchun tezkor va arzon yo‘nalishlar uchun asos sifatida korporativ va tijorat biznesini rivojlantirishga qaratilmoqda.
Avvalroq “Spot” “Qishloq qurilish bank"i “Biznesni rivojlantirish banki"ga aylantirilishi haqida yozgandi.
Bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Ular tadbirkorlarga buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.