Navoiy kon--metallurgiya kombinati oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egalladi. Bu haqda NKMK matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Kanadaning “Kitco” xalqaro tahliliy markazi joriy-yilning birinchi yarim yilligida dunyodagi Top-10 ta eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi.

Mazkur ro‘yxatda Navoiy kon-metallurgiya kombinati 5-o‘rinni egallab, oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri bo‘ldi.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarimida kombinat tomonidan 1,425 mln unsiya oltin ishlab chiqarilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1%ga oshgan.

Shuningdek, dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri hisoblanadigan “Muruntov” koni NKMKga tegishli ekanligi qayd etildi.

2022-yili mamlakatdagi eng yuqori foyda ko‘rgan korxonalar ro‘yxatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati yetakchi bo‘lgandi. Kombinat o‘tgan yili 15,3 trln so‘m daromad olgan.