12-sentabr kuni “Apple” kompaniyasining yillik an’anaviy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda iPhone 15 smartfonlari, Apple Watch Series 9 va Apple Watch Ultra 2 aqlli soatlari namoyish qilindi.

“Spot” qurilmalar haqida asosiy ma’lumotlarni keltiradi:


iPhone 15 va 15 Plus

Smartfonlar avval faqat 14 Pro va Pro Max modellarida mavjud bo‘lgan Dynamic Island’ga ega bo‘ldi. iPhone 15 ning ekran diagonali 6,1, iPhone 15 Plus’niki esa 6,7 dyuymni tashkil etadi.

Yangi smartfonlar 14 Pro liniyasi ishlaydigan A16 chipi va 5 yadroli grafik protsessor (GPU) va 6 yadroli markaziy protsessor (CPU) bilan jihozlangan.

Lightning ulagichi USB-C bilan almashtirildi — bu kabel orqali ma’lumotlarni uzatish tezligini oshiradi. Endi iPhone, Mac va iPad’ni bir xil kabel orqali quvvatlantirish mumkin bo‘ladi.

Asosiy kamera ikki karralik optik zumga ega 48 megapikselni tashkil etadi va yaxshilangan tungi rejim, shuningdek, Smart HDR’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Old kamera avtofokus bilan jihozlangan.

Smartfonlar korpusi 75% qayta ishlangan alyuminiydan ishlab chiqilgan. Klassik qora va oq ranglardan tashqari, iPhone 15 sariq, och yashil va pushti ranglarda taqdim etildi.

iPhone 15 narxi $799 dan, iPhone 15 Plus’niki esa $899 dan boshlanadi.

iPhone 15 Pro va Pro Max

Smartfonlar korpuslari titandan yaratildi va shuning hisobiga yangi qoplamaga ega bo‘ldi.

Yangi Apple Pro va Pro Max modellari bugungi kundagi ma’lumotlarni eng tez uzatish standarti hisoblangan Thunderbolt 3 va USB 3.2 bilan mos keladigan yuqori o‘tkazuvchanlikka ega port bilan jihozlandi.

“Apple” iPhone 15 Pro’dan audio rejimini o‘zgartiradigan tugmani olib tashladi. Uning o‘rni turli xil harakatlarni belgilash mumkin bo‘lgan Action Button tugmasi bilan almashtiriladi.

Asosiy kamera moduli — 48 megapiksel. Qorong‘ida yaxshiroq suratga tushiradi va turli fokus uzunliklarini (24 mm, 28 mm va 35 mm) hamda 15 Pro Max besh karralik optik zumni va 4K60 o‘lchamdagi videoni qo‘llab-quvvatlaydi.

iPhone 15 Pro va Pro Max A17 Pro chipiga ega bo‘lib, to‘rtta rangda sotuvga chiqariladi. Narxlar quyidagicha:

  • iPhone 15 Pro — $999 dan;
  • iPhone 15 Pro Max — $1199 dan.

Apple Watch Series 9 va Apple Watch Ultra 2

Bu yil “Apple” o’z soatlarining protsessorlari va batareyasini takomillashtirdi, shuningdek, yangi ranglar palitrasini qo‘shdi: sutli, pushti va qizil.

Apple Watch 9'da Siri ham bo‘ladi. Endi soatdan: “yugurish paytida mening o‘rtacha yurak urishim qancha?” yoki “bugun men necha soat uxladim?” kabilarni so‘rash mumkin. O‘lchamlar o‘zgarishsiz qoldi — 41 va 45 mm.

Endi Apple Watch Series 9 va Apple Watch Ultra 2'ni yoqish, qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish yoki “budilnik"ni o‘chirish kabilarni bajarish uchun barmoqlarni ikki marta chertish kifoya qiladi.

Yangi Apple Watch 9 ning narxi — $399 (GPS), $499 (GPS+Cellular), Apple Watch Ultra 2 esa $799 dan boshlanadi. Shuningdek, taqdimotda narxi $249 ga baholangan alyuminiy korpusga ega Apple Watch SE’ning byudjetli modeli ham taqdim etildi.